
Xabaringiz bor, 29-may sanasida Ta'lim vazirliklarining "Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida"gi qarori Adliya vazirligi ro'yxatidan o'tkazildi.
Unga ko'ra endi TKT sertifikati ustama to'lashga asos bo'lishi uchun B2 sertifikati talab qilinadigan bo'ldi.
Yangi qarorning aynan shu qismi bir qancha dolzarb savollarni keltirib chiqardi. Ushbu savollarga javob topish maqsadida School English Teachers kanali, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining vazir o'rinbosari Sardor Radjabovga yuzlandi.
Vazirlik rasmiysiga ko'ra, qaror 29-iyuldan kuchga kirishi inobatga olinadigan bo'lsa, u sanagacha olingan TKT sertifikatlari uchun eski qaror amalda bo'ladi. Ya'ni, eski qarorda TKT sertifikati uchun ustama belglashda B2 sertifikat talab qilinmaydi. Shu sabab yangi qaror amal qilish boshlanguncha olingan TKT sertifikatlari uchun B2 darajadagi qo'shimcha sertifikat talab qilinmaydi. Va ushbu TKT sertifikatlari 3 yil davomida B2 sertifikatsiz ustama tayinlash uchun asos bo'la oladi.