Nemis tilini oʻqitish boʻyicha bir qator imtiyozlar beruvchi dastur mavjudligini bilarmidingiz?

Ingliz tili oʻqituvchilarining ushbu tilni oʻqitish malakasini baholovchi TEFL, TESL yoki TESOL kabi sertifikatlar haqida koʻp eshitganmiz. Ushbu sertifikatlar hatto ayrim mamlakatlarda ingliz tili oʻqituvchisi boʻlib ishlash huquqini ham beradi.

Nemis tilini oʻqitish boʻyicha ham shu kabi imtiyozlarni beruvchi dastur mavjudligini bilarmidingiz? Bunday sertifikatni sizga Gyote-Institutining DLL dasturi bera oladi. Ayni paytda nemis tili oʻqituvchilari mazkur innovatsion dastur sertifikatiga ega boʻlish orqali qator imtiyozlarni qoʻlga kiritadi.

DLL Gyote Instituti tomonidan nemis tilini chet tili fani sifatida oʻrgatish/ oʻrganishga qaratilgan sertifikat tizimidir. DLL eng soʻnggi ilmiy holatdan kelib chiqib, oʻqituvchi malakasini oshirishda innovatsion didaktik yondashuvni, yaʼni mavzuga doir tadqiqotlarni oʻz ichiga oladi. 

DLL dasturi 17 ta majmuadan iborat. Ularning ilk oltitasi Nemis tilini chet tili sifatida oʻqitishning asosiy mavzularni qamrab olgan: 

 1- majmua: Oʻqitish kompetensiyasi va dars tuzilishi

 2- majmua: Nemis tilini chet tili sifatida qanday oʻrganiladi?

 3- majmua: Nemis tili chet tili sifatida

 4- majmua: Topshiriqlar, mashqlar va oʻzaro aloqa

 5 — majmua: Oʻqitish va oʻrganish vositalari

 6 — majmua: Oʻquv rejasiga qoʻyiladigan talablar va darsni rejalashtirish

 Boshqa maxsus mavzular bilim va koʻnikmalarni chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan, masalan:

 7- majmua: Tekshirish, sinovdan oʻtkazish, baholash

 8 — majmua: Nemis tili chet tili fani sifatida bolalar uchun

 10 — majmua: Nemis tili chet tili fani sifatida oʻsmirlar uchun. 

 DLL ning afzalliklaridan biri – dastur turli usullarda qoʻllanilishi mumkin: sinfda, veb-tadqiqotda, sinfda va onlayn oʻrganishning kombinatsiyasida (birlashtirilgan taʼlim). Dasturning har kursi istalgan tartibda tanlanishi mumkin, ketma-ketlikda kurslarni oʻqish shart emas.

Deutsch lehren lernen dasturidagi har bir majmua-kursining davomiyligi 72/ 94 akademik soatdan iborat boʻlib, amaliyotga yoʻnaltirilgan loyiha (PEP) natijalariga koʻra va tegishli hujjatlar taqdim etilishidan kelib chiqqan holda Gyote-Instituti tomonidan ishtirokni tasdiqlovchi hujjat beriladi.

Hozirda Oʻzbekistondagi toʻrtta oliy taʼlim muassasasida DLLning 2, 4, 5, 6- majmualari kasbiy taʼlim fani sifatida oʻqitiladi.

Chet tillarini oʻqitish umumiy oʻrta taʼlim uchun belgilangan Milliy oʻquv dasturiga asoslanadi. Bu milliy standartlar esa 2001-yilda Yevropa Kengashi tomonidan ishlab chiqilgan tillar boʻyicha umumyevropa kompetensiyalarining chet tilini bilish darajasini belgilovchi talablariga tayanadi.

Ushbu ikki asos oʻquv materiallarida va oʻqituvchilarning kasbiy taʼlimi, malakasini oshirish va uzluksiz taʼlimda oʻz ifodasini topadi. Bugungi kunda asosiy eʼtibor oʻrganishga oʻrgatish, harakat, kompetensiya va muloqotga yoʻnaltirilgan oʻqitishga qaratilmoqda. Talablarning oʻzgarishi oʻz navbatida oʻqituvchilarning dars jarayonidagi anʼanaviy rolini qayta koʻrib chiqishni va chet tili faniga xalqaro yangiliklarni tatbiq etishni talab qiladi. Shu maʼnoda umumiy oʻrta taʼlim nemis tili oʻqituvchilarining DLL dasturidagi asosiy kurslarini uzluksiz kasbiy taʼlim nuqtayi nazaridan oʻrganishlari maqsadga muvofiqdir.