​​Oʼquvchilarimizning aksariyati Matematikadan past natija koʼrsatishining sababi nima?
Attestatsiya testlari — test.muallimlar.uz Attestatsiya testlari — test.muallimlar.uz

Yaponiyalik ekspert – Naoki Takahashi bu yoʼnalishdagi tadqiqot xulosalari bilan oʼrtoqlashdi. 

Respublika taʼlim markazi maktablarimizda taʼlim mazmunini yangilashda xalqaro tajribani ham yaqindan oʼrganmoqda. Oxirgi bir yil davomida АQSh, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya davlatlari bilan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar natijalari shu kunlarda yuzaga chiqmoqda. 

Digital Knowledge Yaponiyada internet orqali taʼlim berishda nomi chiqqan kompaniya sanaladi. Аyni paytda Respublika taʼlim markazi bu tashkilot bilan 6-, 7-, 8-sinf oʼquvchilarining Matematikadan bilimlarini mustahkamlashga yordam beruvchi maxsus raqamli platforma ishlab chiqmoqda.

Nega aynan shu sinflar?

Hamkorlik arafasida Digital Knowledge ekspertlari Matematika oʼquv dasturlari, darsliklari hamda dars jarayonlarini, oʼquvchilarning bilim darajalarini oʼrganish boʼyicha tadqiqot oʼtkazgan. Mazkur oʼrganish xulosalariga koʼra, oʼzbekistonlik oʼquvchilarda Matematikani oʼzlashtirish natijalari 9-sinfga kelib tushib ketishi kuzatilgan. 

Yaponiyalik hamkorimizning bayon etishicha quyidagi omillar aksariyat oʼquvchilarning Matematika fanini oʼzlashtira olmasligiga sabab boʼlmoqda.

?Mavzularning "chiziqli" oʼtilishi, yaʼni mavzular bir marta oʼtilgach, unga deyarli boshqa murojaat qilinmaydi;

? Oʼzlashtirishi past boʼlgan oʼquvchilarga qoʼshimcha shugʼullanish uchun adabiyotlarning yoʼqligi, shuningdek darsliklarda nisbatan passiv oʼzlashtiruvchi oʼquvchilar uchun alohida mashqlarning yoʼqligi;

? Yaponiya bilan solishtirganda, Oʼzbekistondagi Matematika darsliklarida, jumladan boshlangʼich sinflardan boshlab mavzular murakkab misol va masalalar, yondashuv asosida oʼqitib kelingan;

? 6-, 7-, 8-sinflarda oʼqitiladigan Matematika yuklamasi Yaponiyadagi oʼquvchinikidan sezilarli miqdorda koʼp.

Naoki Takahashi sentyabrdan boshlab maktablarga kirib boradigan yangi Matematika darsliklaridagi oʼzgarishlar, shuningdek fanlarni oʼqitishda "chiziqli" yondashuvdan voz kechilgani va spiralsimon oʼqitishga oʼtilayotganini yuqori baholadi.

Shuningdek, Yaponiya tajribasiga koʼra, taʼlim sifatining oshishi maktab va ota-onalar oʼrtasidagi aloqalarga ham bogʼliq. Xususan, 9-sinfgacha taʼlim va dasrliklar bepul boʼlgan Yaponiyada har bir maktab qoshida ota-onalar tomonidan qoʼshimcha adabiyotlar uchun ajratilgan jamgʼarma mavjud. Mazkur jamgʼarma mablagʼlari orqali maktablar nashriyotlardan ehtiyojlari uchun zarur oʼquv adabiyotlarini, zarur jihozlarni buyurtma qiladilar.

©️Shuhrat Sattorov, Respublika ta'lim markazi direktori