Endi koreys tili ham 10 ta eng muhim xorijiy tillardan biri sifatida o'qitiladi
Attestatsiya testlari — test.muallimlar.uz Attestatsiya testlari — test.muallimlar.uz

Respublika taʼlim markazi va Koreya Respublikasi elchixonasi huzuridagi Koreya Respublikasi taʼlim markazi oʻrtasida joriy yilning 8-avgust kuni Oʻzbekistonda Koreys tilini oʻqitish boʻyicha oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolangan edi.

Unga koʻra, Koreys tilini oʻqitish boʻyicha yangi oʻquv dasturini ishlab chiqish, dastur asosida darsliklar yaratish hamda koreys tili oʻqituvchilari tayyorgarligini oshirishdan borat vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Hozirda mazkur hamkorlikning birinchi bosqichi sanalgan oʻquv dasturlarini ishlab chiqish jarayonlari davom etmoqda. Dasturni ishlab chiqish boʻyicha tuzilgan ishchi guruh rahbari Fargʻona shahridagi Oʻzbekiston Koreya xalqaro universiteti Koreys tilini oʻqitish professori Ji Mun Gon bugun Respublika taʼlim markaziga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasi, holati hamda kelgusidagi qadamlar haqida oʻzaro fikr almashildi.

Maʼlumki, Yurtimizda xorijiy tillarni oʻrgatishni taʼlim siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda taʼlim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5117-sonli qarori qabul qilingan edi.

Koreya Respublikasi taʼlim markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan jarayonlar ham qarorda belgilangan talab yuqori boʻlgan kamida oʻnta xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish, xorijiy tillarni oʻqitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari taʼlimning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish hamda oʻqituvchilarda zamonaviy oʻqitish koʻnikmalarini rivojlantirishdan iborat vazifalar ijrosini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Bu haqda Respublika ta'lim markazi direktori Shuhrat Sattorov: “Koreys tili ham Oʻzbekiston maktablarida oʻqitilishi kerak boʻlgan 10 ta eng muhim xorijiy tildan biri hisoblanadi. Ayni shu jihatdan olib qaraganda, bizda koreys tilini ham Oʻzbekistonda ingliz, nemis, fransuz tillari darajasida, koʻplab umumtaʼlim maktablarida asosiy xorijiy til sifatida oʻqitish imkoni bor. Biroq biz eng avvalo, koreys tiliga boʻlgan ehtiyojni, mehnat bozorini oʻrganamiz, bolalarining chet tilini oʻrganish borasidagi ota-onalar fikrlari bilan tanishamiz. Keyin shunga qarab koreys tili asosiy xorijiy til sifatida oʻqitiladigan maktablar roʻyxatini shakllantiramiz. Oʻzbekistonda rus, ingliz, nemis, arab-fors tillarini oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan maktablar bor. Umid qilamanki, kelajakda koreys tilini oʻqitishga ixtisoslashgan maktablar ham koʻp boʻladi”, — deya takidladi.