Joriy yilning 14-sentyabr kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspketsiyasida Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutining “Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasi imkoniyatlari va uni takomillashtirish boʻyicha davra suhbati oʻtkazildi.
Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, tegishli boʻlim va boshqarmalar mutasaddilari hamda Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev boshchiligidagi institut mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida xalq taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, pedagoglar malakasini oshirish, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev pedagoglar malakasini oshirish tizimi yillar davomida yurtimiz taʼlim tizimidagi eng ogʻriq nuqtalardan biri ekanligi taʼkidlar ekan, yangi platforma pedagoglar uchun qulay, ularni baholash tizimi esa shaffof boʻlishi uchun eʼtibor qaratish lozim jihatlarga toʻxatalib oʻtdi.
– Malaka oshirish tizimini zamonaviy AKT imkoniyatlaridan foydalangan holda tashkil qilinayotgan pedagoglarga avvalo qulaylik yaratishga, malaka oshirish tizimida yillar davomida pedagoglarni qiynab kelgan turli muammoli holatlarni oldini olishga xizmat qiladi. Institut jamoasi yangi platforma boʻyicha katta mehnat qilgani koʻrinib turibdi. Bugungi muhokamalarda inspeksiya vakillari ham ushbu platformani takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini berishadi. Shuningdek,
malaka oshirish platformasi inspeksiya axborot tizimlarini intregratsiya qilgan holda pedagoglar yanada qulaylik yaratish boʻyicha vazifalarni belgilab olishimiz zarur. Bundan tashqari, hududiy malaka oshirish institutlar faoliyatini ham yanada takomillashtirish borasidagi hamkorlikdagi ishlarimizni davom ettirishimiz lozim, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.
Shuningdek, muhokamalar davomida Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yoʻlga qoʻyilgan uzluksiz kasbiy taʼlim maxsus elektron platformasi imkoniyatlari, ishlash tizimi, yaratilgan qulayliklar hamda kelgusidagi rejalar haqida inspeksiya mutasaddilari batafsil maʼlumot berildi.
Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 25-yanvar kuni imzolangan “Xalq taʼlimi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda xalq taʼlimi xodimlarining malaka oshirish boʻyicha ehtiyojlarini oʻrganish hamda “Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasi orqali ularning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi tuzish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda, davra suhbati davomida mazkur tizimning raqamlashtirish holati, malaka oshirish tizimini elektronlashtirish boʻyicha joriy etilayotgan yangiliklar va bu jarayonlarda taʼlim sifatining taʼminlanishi yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi.
Tadbirning ikkinchi qismida taʼlim sifatini baholash boʻyicha amalga oshiriladigan xalqaro tadqiqotlarga pedagoglar, oʻquvchilar va ota-onalarni tayyorlash boʻyicha yaratilayotgan elektron platforma, trenajerlarning imkoniyatlari va afzalliklari hamda mazkur tizimni rivojlantirish istiqbollari ham atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalar yakunida koʻtarilgan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olinib, zarur yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.