Mustaqillik darsi (1-4-sinflar)
Attestatsiya testlari — test.muallimlar.uz Attestatsiya testlari — test.muallimlar.uz

Dars shiori: Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!

Mavzu: O’zbekiston-Vatanim mening!

Maqsad:

Ta’limiy: O’quvchilarga mustaqillik bayrami, bilimlar kuni haqida tushuncha berish. Vatanimiz ozodligi va mustaqilligi yo’lida jon fido qilgan insonlarni tanitish, 1991-yildan to shu bugungi kunga qadar Vatanimiz rivojlanishida qanday yutuqlarga erishdi va shu yutuqlar mohiyati nimalardan iboratligini tushuntirish.

(nutqiy va lingvistik kompetensiyalarining elementlarini shakllantirish);

Tarbiyaviy: Mustaqillik yo`lidagi O`zbekiston birinchi prezidenti I.Karimov boshchiligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida bilimlarini kengaytirish va vatanparvarlik fazilatlarini rivojlantirish. (ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyalarining elementlarini shakllantirish);

Rivojlantiruvchi: O`quvchilarga mustaqillik o`zbek xalqi uchun eng ulug` ne’mat ekanligini, mustaqillik so`zining ma’nosini ilmiy va xalqona tarzda tushuntirish, qadimgi ajdodlarimiz va ota-bobolarimizning mustaqillik uchun olib borgan kurashlarini ongiga singdirish. (matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo’lish hamda foydalanish kompetensiyalarining elementlarini shakllantirish);

Dars turi: yangi bilim beruvchi

Dars metodi: ”Muzyorar”, ”Gul”, ”Sirli sonlar”, ”Men kim?”, “Ingliz tilida dialog”, ”Berkingan so’zni top”,”Nuqtalar o’rnini to’ldir” , “Kelajak rasmi” mashqi, “O’zbekiston” krossvordi, sayohat darsi

Dars jihozi: AKT, mavzuga mos ko’rgazma, shiorlar, gullar, yorliqlar, videolavhalar,

Darsning borishi: Tashkiliy

Madhiya kuylanadi

O’qituvchi: Uch oy ta’tilga chiqqan,

Miriqib hordiq olgan

O’g’il-qizlar omonmisiz?

Birinchi darsga tayyormisiz?

Hamma: Intiqlikla kutib biz

Maktabga shoshib keldik

Mustaqillik darsimiz

Diqqat bilan tinglaymiz.

O’qituvchi:1991-yilning 31-avgusti Vatanimiz tarixi sahifalariga oltin harflar bilan yozildi. Chunki shu kuni O'zbekiston Respublikasining mustaqilligi e'lon qilindi. 1991-yil 1-sentabr O'zbekiston Respublikasining Mustaqilligi kuni deb belgilandi. Shu yildan boshlab 1-sentabr umumxalq bayrami sifatida butun mamlakatimizda keng nishonlanib kelinmoqda. Aziz o’quvchilar barchangizni bilimlar kuni hamda mustaqilligimizning 30 yilligi bilan chin qalbdan tabriklayman. Bayramingiz qutlug’ bo’lsin aziz bolajonlar! Mustaqillik darsimizni “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida olib boramiz. Mana mening ko’ksimda yorliq bor. Sizlar ham xuddi shunday yorliq olishni istaysizmi? Kimda-kim men bergan savollarga to’liq javob bersa, xuddi shunday yorliqqa ega bo’ladi.(Sinf o’quvchilari soniga mos yorliq tayyorlab qo’yilgan bo’ladi,to’g’ri javob uchun yorliqlar beriladi.)

Bugungi darsimizni O’zbekistonimiz bo’ylab sayohat tarzida olib boramiz. Sayohatga chiqishdan oldin chiptaga ega bo’lish kerak. Buning uchun

“Muzyorar” metodidan foydalanamiz.Har bir o’quvchi o’z ismini va ismining bosh harfiga mos Mustaqillikka doir so’z aytadi. Masalan: Ikrom-istiqlol, Diyordo’stlik, Bahrom-bayroq, Gulbahor-gerb, Mexroj-madhiya, Vohid-valyuta, Parvina prezident,Komila-konstitutsiya va hokazo…..

O’qituvchi: Mana chiptaga ham ega bo’ldik,hozir sizlar bilan “Mustaqillik maydoni” tomon yo’l olamiz. (O’quvchilar avtrobusning harakati va ovozini chiqarishadi)

O’qituvchi: Mustaqillik maydoniga kirishdan oldin “Motamsaro ona haykal” va “Ona va bola” haykali poyiga gulchambar qo’yish kerak.Hozir sizlar bilan “Gul” metodidan foydalanib gulchambar yasaymiz. Har bir avtobusdagilar alohida gulchambar tayyorlashi kerak.Marhamat ushbu so’zlarga ta’rif bering va gulchambarni tayyorlang.

Barakalla bolajonlar berilgan topshiriqni a’lo darajada bajarib,ajdodlarimiz ruhini shod qildingiz.

Shu yerda “Mustaqillik maydoni” haqidagi videorolik ko’rsatiladi.

O’quvchilar Toshkentda yerosti temiryo’li- metro ham bor.Hozir sizlar bilan yerosti temiryo’li- metroga tushamiz.Buning uchun chipta olish kerak. Chipta olish uchun sizlar quyidagi savollarga javob berishingiz lozim bo’ladi.

“Sirli sonlar” metodi. Bunda har bir raqam ostida yashiringan ma’no ochiladi. Masalan 1-iyul — O’zbekiston milliy valyutasi-so’mning muomalaga kiritilgan kun, 1-sentabr — O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni, bu yil 30 yoshga to’ldi……

Metro haqida videorolik ko’rsatiladi.

O’qituvchi: Mustaqillik nima?

1-o’quvchi:Mustaqillik - bu avlod-ajdodlarimiz ko'p yillar osha kutgan erkinlik, hurlik degani.

2-o’quvchi: Mustaqillik - bu erkin fikrlash, mustaqil harakat qilishdir.

3-o’quvchi: Mustaqillik – bu boy tarixini ko'z qorachig'idek asrash, avaylash.

4-o’quvchi: Mustaqillik – bu kelajak avlodlarga asl holicha yetkazib berishdir.

O’qituvchi:Qani bolajonlar Mustaqillik so’zini hosil qiling-chi.

M-Mustaqil harakat qilish

U-Ulkan zafarlar quchish

S-Sabr-toqatli bo’lish

T-Tinch-totuv yashash

A-Ajdodlarga munosib bo’lish

Q-Qadr-qimmatga ega bo’lish

I-Inson bu yurtda aziz ekan

L-Lafzi halol,pok bo’lish.

L-Lavozimga sodiq bo’lish

I-Imkoniyatlar eshigi

K-Keksalar e’zoz topgan yurt!

Dam olish daqiqasi

Bola: Ona-Vatanim! Senga fidodir jon-u tanim. Qorli tog'laring, serhosil bog'laring, cho'l-u biyobonlaring onamdek, otamdek qadrdondir. Yerusti, yerosti boyliklaring - boyligimizdir. Bu quyosh o'lkasi- Osiyoda bittasan. Shuning uchun ham seni

derlar:

Bolalar:

O'xshashi yo'q bu go'zal bo'ston,

Dostonlarda bitgan guliston.

O'zbekiston deya atalur,

Uni sevib el tilga olur.

Bola: Ona-Vatanim! Senga fidodir jon-u tanim. Jahon tan olgan donishmandlar nabirasiman. Dunyoga doston bo'lgan To'maris, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi

avlodiman.

Bolalar:

Kuychilari o'qiydi yalla,

Àyollari aytadi alla,

Pazandasi yopadi shirmon,

Qarilari kutadi mehmon.

Bola: Olamni mahliyo etgan qadimiy shaharlar: Buxoro, Samarqand, Xorazm men uchun jonli bir kitob. Shuning uchun derlar:

Bolalar:

O'xshashi yo'q bu go'zal bo'ston,

Dostonlarda bitgan guliston.

O'zbekiston deya atalur,

Uni sevib el tilga olur. 

Bola: Ona-Vatanim! Senga fidodir jon-u tanim. Bugun sen ozodsan, mustaqilsan.

O'z doning, o'z nefting, o'z gazing, o'z mashinang, o'z paxtang, o'z oltining bor.

Jahonda o'z o'rning, o'z obro'ying bor. Shuning uchun derlar:

Hamma: Ona-Vatanim! Senga fidodir jon-u tanim.

O’qituvchi: Sayohatimiz davom etadi. Hozir biz sizlar bilan “Temuriylar tarixi Davlat muzeyiga” yo’l olamiz. Muzeyga kirishdan oldin har biringizga rasmlar tarqatiladi va rasmga “Men kim?” metodidan foydalanib ta’rif berishingiz lozim bo’ladi. (O’quvchilarga buyuk alloma, tarixiy shaxs, shoir, sportchilar rasmi tarqatiladi.O’quvchilar rasmga ta’rif berishadi. Masalan Amir Temur rasmini olgan

o’quvchi: Men buyuk sarkarda Amir Temurman. Men “Kuch adolatda” hikmatiga amal qilaman. Vatanimning har qarich yerini e’zozlayman…..)

O’quvchilar ta’rifidan so’ng muzey haqidagi videorolik namoyish qilinadi.

O’qituvchi: Muzeyda chet eldan ham sayyohlar kelgan ekan. Mana bu sayyoh bola bilan ingliz tilida suhbat o’tkaza olasizlarmi?

O’quvchilar: Albatta

O’quvchi: Axir yurtboshimiz bizlarga katta g’amxo’rlik qilib 1-sinfdan boshlab ingliz tili darslarining o’qitilishini yo’lga qo’ydilar-ku!

O’qituvchi: Qani Sherzodbek unda siz o’z mahoratingizni ko’rsatingchi!

-Hello.How are you?

-I am OK!

-What’s your name?

-My name is Tom.

-Where do you live?

-I live in America.

-How old are you?

-I am 9.

-Who is this?

-This is my mother.

-What’s her name?

-Her name is Linda.

-Do you like poem?

-Yes,I do

Ona shahrim (Kavsar Turdiyeva)

My city – mening shahrim,

Ko’rsam ochilar bahrim.

Unda ko’p road – yo’llar,

Tree – daraxt, flowers – gullar.

U ko’hna – old, young – yosh,

Toshkentim – Sharqda quyosh.

Markazda roslaydi qad

Haykal – monument baland.

Unda qurilgan yana

Library – kutubxona.

Theatre – teatrlar ko’p,

Har qadamda do’kon – shop.

Ko’p hotel – mehmonxona,

Hospital –shifoxona.

Yana so’rarsiz nima?

Kinoteatr – cinema,

Qo’yiladi ko’p kino.

Qad rostlar building – bino

Keng, ravon ko’chalar – streets,

Bozorlar – bazaars, markets.

Pharmacy –dorixona,

Post office – pochta mana.

Bog’chalar – kindergartens,

Yana neni aytay men?

School maktab qator-qator.

Traffic lights – svetofor.

Toshkent beautiful – go’zal,

Friendship – do’stlikda azal

Hamma example – ibrat

Saxiylik unga odat.

O’qituvchi: Darhaqiqat yurtimizning go’zalligini, tabiatini, saxiy insonlariyu, mehmondo’st xalqini ta’riflashga til ojiz. Mana aziz bolajonlar sizlar ham sayohat davomida turli millat vakillaridan do’stlar orttirdingiz.

Yangi mavzuni mustahkamlash Sayohatimizni yakunlab, sinfga qaytishimiz kerak. Buning uchun “Nuqtalar o’rnini to’ldir” mashqidan foydalanamiz.

“Nuqtalar o’rnini to’ldir” mashqi.

• 1.Bizning _________imiz O’zbekistondir.

• 2.___-yil __-avgust kuni ona _____imiz

ozod,______Respublika deb e’lon qilindi.

• 3._________ davlati o’z ____siga,____iga,

Davlat _____iga,milliy ____isiga ega bo’ldi.

• 4.______ tufayli Vatanimizni ____ tan oldi,

u o’z ____ va ____ -_____ ega bo’ldi.

“Nuqtalar o’rnini to’ldir” mashqi.

• _______- bu avlod-ajdodlarimiz ko'p ______

osha kutgan ____, _______ degani.

• _________ - bu ________ fikrlash, _________ harakat qilishdir.

• _____ tarixini ____ qorachig'idek asrash,

avaylash,______ avlodlarga asl _______ yetkazib berishdir

“O’zbekiston” krossvordi

Eniga:

1.O’zbekistonda ishlab chiqariladigan yengil avtomobil nomi

2. Hurmat,izzat

3. O’zbekistonning poytaxti

4. Ulkan avtomobil zavodi qaysi shaharda qurilgan?

5. Karvonboshi, yo’lboshchi

6. Uzoq o’tmishdan davom etib kelayotgan, qadimiy

7. Millatimiz nomi

8. Madhiyamizning birinchi so’zi

9. Mikroavtobuslar ishlab chiqariladigan shahar

Bo’yiga:

1. Davlatni kim boshqaradi?

2. Tug’ilib o’sgan joy

3. Avlod-ajdodlarimiz ko’p yillar osha kutgan erkinlik,hurlik

4. O’zbek xalqi qanday xalq

5. Mamnunlik hissi,mamnuniyat,g’urur

6. Har jihatdan to’la-to’kis,hamma narsasi mo’l-ko’l

7. Yerosti temir yo’li

Xulosalash

“Kelajak rasmi” mashqi

O’quvchilarga 3 minut vaqt davomida kelajak haqida o’ylab ko’rish topshiriladi va o’ylagan narsalarini qog’ozga chizishlari kerak bo’ladi.Mashq muhokama qilinadi.

“T chizmasi” metodi

Kim edik? Kim bo’ldik?

O’quvchilar “Barakalla,yasha,ofarin,balli,gap yo’q” kabi so’zlar bilan rag’batlantiriladi.

Darsni yakunlash

Baholash

Vazifa: Mustaqillik haqida she’rlar yodlash.