Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining rahbari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Attestatsiya testlari — test.muallimlar.uz Attestatsiya testlari — test.muallimlar.uz

Joriy yilning 30-avgust kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining rahbari, Elchi Sharlotta Adrian xonim boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Suhbat davomida Yevropa taʼlim tizimi bilan integratsiya jarayonlarida hamkorlik, taʼlimda sifatni oshirish boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganish va qoʻllashda YEI tomonidan moliyalashtiriladigan “Twinning” va “TAIEX” dasturlarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi yuqori martabali mehmonga tashrif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, inspeksiya faoliyati, xususan taʼlim sifatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilish rejalashtirilayotgan istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi.

– Inspeksiyamiz faoliyatimizning ilk kunlaridan boshlab, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilish, taʼlim tizimimizning xalqaro hamjamiyat integratsiya bilan integratsiya qilishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

Nufuzli reyting agentliklari va ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi asosida oliy taʼlim muassasalari milliy reytingi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, QS, THE agentliklar bilan milliy reyting tizimi metodologiyasini takomillashtirish boʻyicha yaqin hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bu yil respublika universitetlarining milliy reytingi toʻrtinchi marotaba eʼlon qilishni rejalashtiryapmiz. Quvonarlisi, universitetlarimizda barcha koʻrsatkichlari boʻyicha ijobiy oʻsish dinamikasi kuzatilmoqda.

Shuningdek, taʼlim muassasalarining mustaqilligi va masʼuliyatini oshirishga, taʼlim sifatini baholashda mehnat bozori tomonidan tayyorlangan kadrlarni tan olinishiga alohida eʼtibor qaratiladigan yangi institutsional tizim yaratildi.

Taʼlim sifatini Yevropa talablari darajasida taʼminlash tizimini joriy yetish maqsadida Taʼlim inspeksiyasi 2020-yilda Yevropa oliy taʼlim sifati kafolati assotsiatsiyasi (ENQA) kuzatuvchi sifatida qabul qilindi. Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlat tashkilotlaridan birinchi boʻlib, Yevropa taʼlim inspeksiyalari tarmogʻi (SICI)ga aʼzo boʻldi.

Prezidentimiz topshirigʻiga asosan, Finlyandiya taʼlim tajribasini oʻrganishga kirishdik. Ushbu mamlakat vakillari bilan hamkorligimiz natijasida qisqa vaqtda yaxshi natijalarga erishdik.

Taʼlim sifatini baholashga qaratilgan PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro dasturlarda ilk marotaba ishtirok etmoqdamiz.

YEIning “Erasmus” dasturi koʻmagida milliy oliy taʼlim muassasalari uchun seminar tashkil etib kelmoqdamiz.

Yuqoridagi masalalar boʻyicha YEIning Twinning va TAIEX dasturlari yordamida hamkorlik aloqalari yanada kengaytirish niyatidamiz.

Umid qilamizki, bugungi uchrashuv koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi va belgilangan vazifalar muvaffaqiyatli amalga oshiriladi, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Elchi Sharlotta Adrian xonim iliq qabul va berilgan batafsil maʼlumotlar uchun minnatdorlik bildirar ekan, taʼlim sohasi boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Avvalo shuni taʼkidlashni istardimki, Yevropa ittifoqi uchun taʼlim sohasi doimo ustuvor ahamiyatga ega boʻlib kelgan. Shu nuqtayi nazardan biz mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni doimo qoʻllab quvvatlashga tayyormiz. Shu kunga qadar guvohi boʻlganlarimdan kelib chiqib, ayta olamanki, Taʼlim inspeksiyasi yosh tashkilot boʻlishiga qaramasdan, juda koʻp salmoqli loyihalarni amalga oshirishga muvaffaq boʻldi. Bu albatta kishi koʻzini quvontirmay qolmaydi.

Chunki bu taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amalga oshiradigan hamkorlik aloqalarimizni, va ushbu yoʻnalishdagi yoʻl xaritalarimizni takomillashtirishimizda alohida ahamiyat kasb etadi, – dedi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining rahbari.

Maʼlumot uchun, “Twinning” yaʼni “birodarlik” loyihasi Yevropa Ittifoqi qonunchiligi uchun zarur koʻnikma va tajribaga ega boʻlgan institutsional hamkorlik orqali sherik mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan uzoq muddatli loyiha hisoblanadi.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadi kadrlar tayyorlash va davlat institutlari tuzilmalarini qayta tashkil etishni qoʻllab -quvvatlash orqali sherik davlatlar maʼmuriyatlarining boshqaruv salohiyatini oshirishga qaratilgan.

TAIEX dasturi esa texnik yordam va axborot almashish vositasi boʻlib, Yevropa Ittifoqining kengayish strategiyasining ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu dastur Yevropa Ittifoqi aʼzo davlatlarining eng yaxshi tajribalarini almashish orqali aʼzo va sherik davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi.

Uchrashuv yakunida tomonlar koʻtarilgan masalalar yuzasidan hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirishga kelishib olishdi.