Darslik yozish jarayonlariga xalqaro ekspertlarni jalb qilinishi tajribada ilk bor qoʻllanilayotgan tarixiy jarayondir. Mahalliy tuzuvchilar UNICEF ekspertlari bilan barcha fanlar boʻyicha oʻquv dasturi va darsliklarni tayyorlashda hamkorlikda ish olib borishdi. Xususan, Matematika darsliklarining 1-sinflar uchun yaratilgan ilk namunasi tayyor boʻldi. Mazkur jarayonlarda Matematikani oʻqitish boʻyicha 20 yillik xalqaro tajribaga ega ekspert Marsello Starikoff ham jarayonlarda bevosita ishtirok etdi. Respublika taʼlim markazi direktori xalqaro ekspert bilan onlayn muloqot oʻtkazdi. Quyida ushbu qizgʻin suhbat jarayonini eʼtiboringizga havola etamiz.
– Xorijiy mutaxassis sifatida sizning fikr-qarashlaringiz biz va oʻqituvchilarimiz uchun muhim va oʻz oʻrnida qiziq. Keling, avval oʻquv dasturidan boshlaylik, unda qaysi jihat va alohida yondashuvlarga eʼtibor qaratgansiz?
– Men avvalo, Oʻzbekiston hukumati tomonidan ishlab chiqilgan oʻrta taʼlim tizimidagi yangi islohotlarni batafsil koʻrib chiqdim. Keyin esa oʻquv dasturi, uning falsafasini amaliyotga koʻchirishga harakat qildim va shunga urgʻu berdim. Oʻquv dasturini yaratgach biz bu holatni darsliklarga ham koʻchirishni maqsad qilib oldik.
– Nima uchun bolalarga matematikani oʻqitish muhim, 3 ta sabab bilan izohlay olasizmi?
– Matematikani oʻqitish hammaning hayotida markaziy oʻrin tutadi, zero, biz yashayotgan dunyo matematik jarayonlar tomonidan belgilanadi va boshqariladi. Strategik tarzda fikr yuritish asosi va idrok etish koʻnikmasini matematika oʻrgatadi. Zotan, matematika falsafiy fan.
Matematikani oʻqitishda har doim matematikada toʻgʻri javob bor degan anʼanaviy tushunchani olib tashlaydigan yangi usullarni ishlab chiqishga harakat qilayotganimizni maʼlum qilmoqchiman.
Agar biz har doim matematikada toʻgʻri yoki notoʻgʻri javob bor deb deb emas, turli yondashuv va strategiyalar bilan oʻqitiladigan fan nuqtayi nazarida yondashsak bu matematikani chindan sevib oʻqishlariga sabab boʻladi. Va bu usullar matematika faqat toʻgʻri javob bilan tugaydigan fan sifatida qaralishiga barham beradi.
Matematikaning insonga beradigan kompetensiyasi juda ham ulkan va ular nafaqat matematik masalalarda, balki jamiyatdagi muammolarni hal qilishda yordam beradi. Agar oʻquvchi matematikada qobiliyatli boʻlsa, uning jamiyatga hissa qoʻshish ehtimoli yuqori va bu oʻz tasdigʻini topgan. Biz fanni oʻta innovatsion usulda oʻqitish bilan birga uni amaliyotdagi samarasini koʻrish uchun harakatdamiz. Birinchi sinf va ikkinchi sinf oʻquv dasturlarida birinchi bob qanday qilib matematik boʻlishni oʻrganishga bagʻishlanadi. Biz qanday oʻrganishni va nimani oʻrganishni ham oʻrgatamiz va oʻylaymanki, bu Oʻzbekiston taʼlimini yetakchi oʻrinlarga olib chiqadi.
Oʻrganishni oʻrganish qiziq, chunki men taʼlim sohasiga kelganimda shuni angladimki, menimcha biz umr boʻyi oʻrganishda davom etishimiz kerak. Hamisha oʻrganishdan toʻxtamaslik 21-asrning oʻziga xos koʻnikmalaridan biri hisoblanadi. Oʻylaymanki, ushbu konsepsiya natija beradi.
Oʻrganishni oʻrganish bobi birinchi va ikkinchi sinf oʻquv dasturlarini ochib beradi. Shuningdek, ushbu bob boshqa oʻquv dasturlarini ham ochib beradi.
Uning 5 jihati bor:
taʼlim modellari metakognitiv jarayon, bunda bolalar oʻzlari qanday oʻrganayotganlarini namoyish etadi;
bolalarni ijodiy fikrlashga oʻrgatadigan jarayon;
oʻrganishning vizual strategiyalari bilan bogʻliq;
tanqidiy fikrlash savollar berish, izlanishlarni amalga oshiradigan sinfni shakllantirish;
umr boʻyi oʻrganishdan toʻxtamaslik zamondan ogoh inson boʻlishga oʻrgatadi.
Shu yoʻsindagi manbalarga ular ega boʻlgach mustaqil oʻrganishga boʻlgan qiziqishlari ortishi tabiiy. Yaʼni ular tashqi mukofotlar uchun emas, ichki motivatsiya bilan oʻqishni boshlashadi. Shunday qilib biz jamoa bilan juda sodda boʻlgan mashqlar yordamida ijodiy fikrlash, madaniy ong, qiziqish global xabardorlikni rivojlantirishga xizmat qilish uchun maʼlum usullarni yaratmoqdamiz. Yangilangan oʻquv dasturi esa buning namunasi sifatida barqaror global maqsadlarga ega. Mashqlarni hayot bilan bogʻlash bolalarning oʻzlashtirishiga samarali taʼsir koʻrsatuvchi usullardan hisoblanadi.
– Biz oʻqituvchilar uslubiy qoʻllanmasini yaratishda ijodiy yondashmoqdamiz yaʼni bu oʻqituvchilar uslubiy qoʻllanmasi uchun qoʻshimcha oʻlchov mezonlarini yaratadi, shuningdek, barcha pedagogik yondashuv va usullarni oʻzida mujassam etadi. Yangi oʻquv dasturidagi yana bir jihat koʻp til, yaʼni koʻp madaniyatli fikrlash konsepsiyasidir. Bu asosan yuqori sinf oʻquvchilari uchun ishlab chiqiladi, ammo umumiy gʻoya taʼlim berish. Yaʼni oʻquvchilar oʻzlari oʻrganadigan har qanday taʼlimga til va madaniyat boyligi orqali kirishish imkoniyatiga ega boʻladilar. Men oʻquvchilik chogʻimda bu formulalar nima uchun kerak deb oʻzimdan takror-takror soʻrardim, balki, men 5-6-sinfgacha yaxshi oʻzlashtirgandirman, lekin yuqori sinflarda menda bu fan qiyin kechgan. Shuning uchun ham bu barchaga qiziq savol, xoʻsh, bolalar ushbu darsliklardan qanday hayotiy koʻnikmalarni egallaydilar?
– Ha, siz haqsiz, anʼanaviy ravishda menga formula qachon kerak boʻladi, buni hayotda qoʻllay olamanmi, deb savol berganlar juda koʻp. Matematika shunday toifaga kiradi, uni aynan hayotda qoʻllamasa-da bu borada kishilar umumiy tushunchaga ega boʻlishlari zarur. Bolada bir koʻnikma rivojlangach, aytaylik, doiraning diametrini oʻlchash koʻnikmasi butun umr davomida yoʻqolmaydi va bolalar bu koʻnikmani boshqalari bilan bogʻlay oladi, natijada “aql oʻyini” yuzaga keladi. Masalan, oʻzim ham Argentinada olgan taʼlimimni eslasam men matematikani juda yaxshi bilardim. Qanday qilib toʻgʻri javobni topishni bilardim, ammo aynan nima qilib buni topayotganimni toʻla anglamas edim. Hozir biz Oʻzbekistonda buning aksini qilyapmiz, yaʼni oʻquvchi qanday qilib toʻgʻri javobni topishni ham va uni qanday qilayotganini ham anglay olishi kerak. Shuning uchun umid qilamanki endilikda oʻquvchilar biz kabi bu formular bizga nega kerak deb oʻylashlariga oʻrin qoldirmaymiz.
Bizning jamoaning oldiga qoʻygan maqsadi bolalarni ongli qaror qabul qiladigan va toʻgʻri toʻxtamlarga kela oladigan inson sifatida tarbiyalashdan iborat. Matematikada koʻpgina falsafiy qarashlar mavjud, bular esa oʻz oʻrnida uning cheksizlik tushunchasi bilan bogʻliq. Bugun hayotimizning hech bir jabhasini ikkilik sanoq sistemasi asosiga qurilgan kompyuter texnologiyalarisiz tasavvur qila olmaymiz.
– Bolalarni matematikaga boʻlgan qiziqishlarini oshirish borasida oʻqituvchilarga qanday maslahatlar bera olasiz? Ularni matematikaga jalb qilish uchun global miqyosda qanday usullardan foydalanilmoqda?
– Oʻqituvchilarga shuni aytgan boʻlardimki matematikani hayotga tatbiq etib oʻrgatuvchi juda koʻp qiziqarli strategiyalar va sodda usullar mavjud. Birgina misol, oʻqituvchi dars avvalida oʻquvchini ham fikrlashga undaydigan, ham qiziqtira oladigan, shuningdek, barcha oʻquvchilar javob bera oladigan ochiq savollar bera olsa, bu bolalar uchun motivatsiya boʻlib xizmat qiladi.
Jalb qilishning eng yaxshi yoʻli ham aynan ulardagi ichki xohishni jonlantirish. Dars davomida bolalarga oʻyinlar oʻynashi va ijodiy yondashuvlariga erkin muhit yaratib bera olish samarali usul sanaladi. Bundan tashqari, yana bir strategiya bor, bu matematikani uy muhiti bilan bogʻliq tarzda oʻrgatish. Aytaylik, uyingizdan maktabgacha qancha qadam bosib kelasiz yoki siz uchun eng tez eltuvchi yoʻl qaysi kabi oddiy, ammo barcha bolalarni munozaraga chorlovchi misollar singari.
Oʻqituvchilarga tajriba oʻtkazish uchun professional erkinlik berish maqsadga muvofiq. Chunki biz oʻqituvchilarga plastilin beramiz, tayyor yasalgan shakllarni emas, natijada esa ular oʻzlari pedagogik nuqtayi nazardan qulay va samarali deb bilgan shakllarini yaratishi mumkin boʻladi.
– Menimcha, har bir oʻqituvchining oʻziga xos konsepsiyasi, falsafasi, yondashuvi boʻlishi kerak. Barcha oʻqituvchilarning akademik mustaqilligi borasidagi qarashlaringiz juda oʻrinli. Aytaylik, faqat darslik yoki dasturga bogʻlanibgina qolishmasin, aynan shu jihatlar ham biz erishmoqchi boʻlgan maqsadlar sirasiga kiradi.
Mazmunli suhbat uchun rahmat.