Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qo‘shma qarori imzolangani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda yuqori sinf o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflarda mavjud bo‘lgan dars soatlarini ololmasligi mumkin.
Chunki, yangi tahrirdagi nizomda boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlash bo‘yicha alohida norma kiritildi.
Endilikda, boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchilarning boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishincha ushbu fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olganligi inobatga olinadi.
Ya’ni, boshlang‘ich sinflardagi mavjud dars soatlarini olish istagida bo‘lgan yuqori sinf o‘qituvchisi agar boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega bo‘lmasa yoki tegishincha ushbu fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olmagan bo‘lsa, boshlang‘ich sinflardan dars soati ololmaydi.
Ushbu tartib 2026-yil 1-avgustdan boshlab kuchga kirishi belgilangan.
Manba