Maktab xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibiga oʻzgartirishlar kiritildi

Hukumatning 2025-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 662-sonli qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 823-sonli qaroriga ayrim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Xususan, direktor jamgʻarmasini tashkil etishning maqsad va vazifalariga quyidagi qoʻshimchalar qoʻshildi:

– oʻz faoliyatida ijobiy natija koʻrsatgan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini ragʻbatlantirish;

– umumtaʼlim muassasasining direktori va uning oʻrinbosarlariga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) natijasiga koʻra har oylik ustamalar toʻlash;

– umumtaʼlim muassasalarida tashkiliy etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori boʻlgan oʻqituvchilarga ularning taʼrif stavkasining 50 foizi miqdorida bir martalik toʻlov toʻlash.