Mehnat kodeksining 215-moddasiga koʻra, ushbu kodeksning 213-moddasida nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan davrda xodimning ish oʻrni (lavozimi) saqlanib qoladi va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Taʼtil davrida xodimning ish oʻrnini (lavozimini) saqlab qolish va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar mehnat shartnomasi:
ish beruvchining tashabbusiga koʻra ushbu kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga muvofiq;
ish beruvchining tashabbusi bilan bogʻliq boʻlmagan asoslarga koʻra bekor qilinganda qoʻllanilmaydi.
Demak, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini xodim taʼtilda boʻlgan davrda umuman bekor qilish mumkin emas ekanda deb oʻylamaslik kerak. Xodim taʼtilda boʻlgan davrida mehnat shartnomasini tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) oʻz muassislarining (ishtirokchilarining) yoki taʼsis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyatning tugatilganligi yaʼni Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga muvofiq hamda ish beruvchining tashabbusi bilan bogʻliq boʻlmagan asoslarga koʻra, masalan, Mehnat kodeksining 132, 137, 143, 146, 156, 157, 158, 160, 168, 169-moddalar hamda Mehnat kodekesi va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan oʻzga asoslar boʻyicha bekor qilish mumkin.
Masalan, xodim taʼtilda boʻlgan davrida belgilangan tartibda ariza berishga va oʻz xohishiga koʻra mehnat shartnomasini taʼtil tugagunga qadar Mehnat kodeksining 160-moddasiga koʻra bekor qilishga haqlidir.
Muddati tugaganligi sababli muddatli mehnat shartnomasi 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayol bilan garchi xodim bolani parvarishlash taʼtilida boʻlsada, Mehnat kodeksining 158-moddasiga koʻra bekor qilinaveradi. Agar shartnoma 1 hafta ichida bekor qilinmasa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Agar ayol homilador boʻlsagina, ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagan taqdirda, ish beruvchi ayolning yozma arizasiga binoan va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilgan taqdirda, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini homiladorlik tugaguniga qadar, unga homiladorlik va tugʻish taʼtili berilgan taqdirda esa bunday taʼtilning oxiriga qadar uzaytirishi shart . Bu haqda Mehnat kodeksining 408-moddasida keltirilgan.
Qisqarishga tushgan xodim kamida 2 oylik ogohlantirish muddati ichida taʼtilga chiqdi. Taʼtil davrida kamida 2 oylik ogohlantirish muddati oʻtaveradi, chunki xodimni ogohlantirish muddatiga xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrlari, shuningdek Mehnat kodeksining 282-moddasiga koʻra, uning davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajargan vaqti kiritilmaydi, kodeksning 165-moddasida keltirilganidek, bundan mehnatga oid munosabatlarning tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilganligi munosabati bilan tugatilishi mustasno.
Lekin bu holatda garchi ogohlantirish muddati tugagan boʻlsada, xodim taʼtilda boʻlganligi tufayli mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan yaʼni Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 2-bandiga muvofiq bekor qilib boʻlmaydi.
Manba: @talimxabarlari