
Savol: Yagona maktab formasi talabi bekor qilingan bo‘lsa, o‘quvchilar istagan kiyimda maktabga bora oladimi?
Javob: 2022-yil 3-oktabrdagi Vazirlar Mahkamasining 550-son qaroriga ko‘ra, hukumat tomonidan belgilangan yagona dizayn va rangdagi yagona maktab formasi talabi bekor qilingan. Ammo bu, o‘quvchilar istagancha kiyinishlari mumkin degani emas.
O‘quvchilar maktab ustavi yoki tartib-intizom qoidalarida belgilangan formani kiyishlari shart. Har bir maktab o‘ziga mos dizayn va rangdagi oddiy maktab formasini tanlashi yoki umuman forma belgilamasligi mumkin, lekin baribir kiyinish tartibi qat’iy bo‘ladi.
2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyruqdagi qoidalarga ko‘ra, maktabga kalta shim, futbolka, shippak, kalta yoki ochiq kiyim, tanani shaffof ko‘rsatuvchi liboslar, shuningdek, haddan ziyod taqinchoqlar bilan kelish taqiqlanadi. Soch, tirnoq va tashqi ko‘rinish ham belgilangan talablarga mos bo‘lishi kerak.
Xulosa: Hukumat yagona maktab formasini joriy etmagan bo‘lsa-da, o‘quvchi maktabning ustavi va kiyinish qoidalariga rioya qilishi shart. Ota-onalardan yoki pedagoglardan forma uchun majburiy pul yig‘ish taqiqlanadi.
Manba: https://xalqtaliminfo.uz