
Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta taʼlim sohasi xodimlari oʻrtasida “Yil oʻqituvchisi” hamda “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlarini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori imzolandi.
Qarorga koʻra, “Yil oʻqituvchisi” hamda “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlari 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi.
“Yil oʻqituvchisi” tanloviga nomzodlar oʻzlari dars beradigan bitta fandan, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari esa boshlangʻich taʼlim yoʻnalishida ishtirok etadi. Ishtirokchilar vazirlikning maxsus platformasi orqali roʻyxatdan oʻtadi.
Tanlov uch bosqichda oʻtkaziladi:
– birinchi bosqichda — nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati va kasb standarti boʻyicha nazariy bilimlari baholanadi;
– ikkinchi bosqichda — nomzodlarning pedagogik mahorati baholash mezonlari asosida hakamlar hayʼati hamda pedagoglar tomonidan baholanadi. Bunda nomzod oʻtgan darsning videoyozuvi baholash uchun maxsus platformaga joylashtiriladi;
– uchinchi bosqichda — nomzodlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati hamda kitobxonligi baholanadi.
Tanlov yakunlariga koʻra, har ikki yilda bir marta oktabr oyida gʻolib deb topilgan har bir nomzod reyestri Vazirlik tomonidan yuritiladigan hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan QR-kodli sertifikat bilan taqdirlanadi.
Ushbu sertifikat asosida gʻoliblar Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasiga qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Pedagogik mahorat markazlari direktorlari oʻrtasida “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovida esa ishtirokchilarning 4 ta yoʻnalish boʻyicha faoliyati natijalari oʻrganiladi.
Bular — hududda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha erishilgan natijalar, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha erishilgan natijalar, zamonaviy uslubda taʼlim jarayonini tashkil etish boʻyicha erishilgan natijalar, Markazni tajribali kadrlar bilan taʼminlash va zamonaviy boshqaruv usullarining joriy qilinganligi.
Gʻoliblar bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga (525 million) teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.