
Quva tumanidagi maktablarning birida oʻqituvchilarning oylik maoshidan “open byudjet”da ovoz yigʻish uchun 700 ming soʻmdan ushlab qolishni talab qilgan direktor bilan mehnat shartnomasini bekor qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o’z telegram sahifasida ma’lum qildi.
Joriy yilning 11-mart kunidan boshlab “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun ovoz berish bosqichi boshlandi.
“Bu loyiha qisqa muddatda ochiqlik, fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirokini oshirishga xizmat qilishi bilan eʼtiborga tushgan. Bu ijobiy islohotlarga oʻqituvchi, taʼlim xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish, ular maoshidan pul yigʻishlar bilan soya solmaylik.
Pedagoglarni ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish, turli maqsadlar uchun mablagʻ yigʻish kabi holatlar bilan hech qachon murosa qilmaymiz.
Hurmatli pedagoglar agar siz shu kabi holatlarga duch kelsangiz vazirlikka murojaat qiling, biz har bir holatni oʻrganamiz, oʻqituvchi va MTT xodimlari manfaatini himoya qilamiz!”, — deb yozadi vazir.