Mehnat taʼtiliga haq toʻlashda endi yakshanba kunlari hisobga olinmaydi

13-fevralda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun bilan Mehnat kodeksiga qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritildi.

Endilikda mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillari uchun pulli kompensatsiya toʻlanishda yakshanba kuni inobatga olinmaydi va ushbu kun uchun toʻlov qilinmaydi. Shu paytgacha pulli kompensatsiya barcha kalendar kunlari uchun hisoblangan edi.
 

Masalan, xodim ishdan boʻshaganda 10 kunlik taʼtildan foydalanmagan boʻlsa, kompensatsiya barcha 10 kun uchun toʻlangan. Endi esa ushbu davrda 1 ta yakshanba boʻlsa, kompensatsiya faqat qolgan 9 kun uchun hisoblanadi.


Oʻzgarish ishdan boʻshash yoki taʼtilning bir qismini pulli kompensatsiyaga almashtirish holatida toʻlovlar miqdorining kamayishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, maosh saqlanmaydigan taʼtilga (241-modda) oid oʻzgartishlar kiritildi. Endi uning muddati avvalgidek kalendar yili emas, balki istalgan oʻn ikki oylik davr ichida uch oydan oshmasligi kerak.
 

Oldinlari 3 oylik maosh saqlanmaydigan taʼtil limiti kalendar yili (1-yanvardan 31-dekabrgacha) boʻyicha hisoblangan. Endi u oxirgi maosh saqlanmaydigan taʼtildan boshlab istalgan ketma-ket 12 oylik davr ichida hisoblanadi.


Endi xodim avvalgi oylarda uch oylik taʼtildan foydalangan boʻlsa, yangi yil boshlanishi bilan uni qayta ololmaydi.

Masalan, ilgari xodim 2024-yil oktyabrda bir oy taʼtil olgan boʻlsa, 2025-yil 1-yanvardan yana toʻliq uch oylik taʼtil olish imkoniyatiga ega edi. Endi esa 2025-yil oktyabrga qadar u faqat ikki oy taʼtil olishi mumkin, chunki hisob-kitob ketma-ket 12 oylik davr asosida yuritiladi.

 

Mehnat kodeksiga, bundan tashqari, fuqarodan ishga kirishda pasport, mehnat va pensiya daftarchasi talab qilinmasligi hamda homiladorligi yoki farzandi borligi sabab xodimni ishdan boʻshatish taqiqlovchi oʻzgartirishlar kiritildi.


Shuningdek, oʻrtacha ish haqini hisoblash tartibi aniqlashtirildi. Xususan, barcha mehnat toʻlovi tizimlarida xodimning oʻrtacha maoshi soʻnggi 12 kalendar oyda hisoblangan umumiy daromadning 1/12 qismi sifatida belgilanadi. Bu hisob-kitob xodim uchun oʻrtacha maosh saqlanadigan oydan oldingi 12 oylik davr asosida amalga oshiriladi.

Shu paytgacha oʻrtacha ish haqi faqat vaqtbay toʻlov tizimiga toʻgʻri kelgan va u oxirgi oy uchun maosh bilan birga 12 oy davomidagi har xil qoʻshimchalar, premiyalar va boshqa toʻlovlardan 1/12 qismi hisoblangan.
 
Shu bilan birga, oʻrtacha ish haqi hisoblash usuli barcha xodimlar uchun umumiy boʻlib, har qanday toʻlov tizimiga tatbiq etilgan. Lekin, ilgari hisob-kitobda oxirgi oyning tarif stavkalaridan foydalanilgan boʻlsa, endi bu tartib bekor qilingan, bu esa toʻlovlar miqdoriga taʼsir koʻrsatishi mumkin.