Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2025—2027-yillarga mo‘ljallangan Byudjetnomada maktab darsliklari uchun ijara pullarini qayta tiklash taklif etilmoqda.
Unda keltirilishicha, umumtaʼlim maktablarini darsliklar bilan taʼminlashda ota-onalar ishtirokini oshirish maqsadida 2025/26-o‘quv yilidan 2–11-sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Loyihada qayd etilishicha, 2024-yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming so‘m) tashkil etgan. Hujjatda bir to‘plam uchun 80 ming so‘m (bir to‘plam tan narxining 16-18 foizi) miqdorida ota onalar to‘lovini qayta tiklash taklif qilinmoqda. Ushbu to‘lovlar hisobiga shakllangan 376,6 mlrd so‘m mablag‘lar har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan taʼminlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.
“Gazeta.uz”ning yozishicha, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilov bu taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilganini aytdi.
“Bu taklif darajasida turibdi. Bu 1-sinfdan va ijtimoiy himoya reyestriga kirgan oilalardan tashqari. Bu hali joriy etildi, qabul qilindi, degani emas”, degan vazir o‘rinbosari 29-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda darsliklar uchun 1,5 trln so‘m, kelasi yili esa 1,3 trln so‘m mablag‘ sarflanishi kutilmoqda.