Mehnat ta’tillari pulini hisoblashda yakshanba kuni ham inobatga olinadimi?

➖Masalan, xodimga 21 kalendar kunlik asosiy, 5 kalendar kunlik qo‘shimcha, jami 26 kalendar kunlik mehnat ta’tili berilganda, ta’til puli 26 kunga hisoblanadimi, yoki o‘rtada shanba-yakshanba va bayram kunlari chiqarib tashlanadimi?

Ma’lumki, yangi MKning 216-moddasi 1-qismiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir.

Demak, ish beruvchi xodimni bir yil davomida ishlatar ekan, jismoniy va aqliy kuchidan foydalanganligi uchun uning yo‘qotilgan ish qobiliyatini tiklab berishi kerak, odatiy dam olish kunlaridan aloxida albatta. Buning uchun unga ma’lum bir vaqt dam berishi lozim. Aynan mana shu dam beriladigan alohida davr har yilgi mehnat ta’tili hisoblanadi.

E’tibor bersangiz, yuqoridagi moddada mehnat ta’tili asosan ikkita chora orqali amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda: birinchisi, alohida dam olish vaqti bo‘lsa, ikkinchisi, ta’til puli, ya’ni dam olish vaqti uchun o‘rtacha ish haqi to‘lanishidir.

MK 233-modda 1-qismiga ko‘ra "har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi" deyilgan.

MK 216-moddaning 1-qismi va 233-moddaning 1-qismidagi mantiq shuki, xodim o‘ziga berilgan har bir ta’til kunidan o‘z mehnat qobiliyatini (misol uchun, sog‘lig‘ini, yo‘qotilgan jismoniy va aqliy quvvatini) tiklash uchun foydalanadi. Tushunyapsizmi, har bir ta’til kunidan! Aynan shu sababli ham, ta’til pullari xodimga beriladigan har bir ta’til kuni uchun hisoblanadi va to‘lanadi.

Eslagan bo‘lsangiz, yaqingacha ta’til pulini hisoblashda biz 5 kunlik ish xaftasi bo‘yicha ishlaydiganlarga ham, garchi shanba ish kuni bo‘lmasada, shanba kunini ham qo‘shib, xaftadagi 6 kun uchun hisob-kitob qilardik. Ho‘sh, nega?

Sababi, eski MKning 139-moddasi 1-qismida “ta’tillarning muddati 6 kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar bo‘yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi” deyilgandi. Ya’ni, xaftada 5 kun ishlaydigan xodimga baribir xaftadagi 6 kun ta’til hisoblanganligi uchun, ta’til pulini 5 kun emas, 6 kun, ya’ni har bir ta’til kuni uchun to‘lardik.

Hozir ham shunday bo‘ladi, fakat ta’til puli xaftadagi barcha ta’til kunlari, ya’ni kalendar ta’til kunlari uchun hisoblanadi.

E’tibor bering, yangi MKning 221-moddasi 1 va 2-qismlariga muvofiq xodimlarning har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi. Har yilgi mehnat ta’tili davriga to‘g‘ri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari mehnat ta’tillarining davomiyligini belgilashda hisobga olinmaydi.

Ayni mana shu ikki qoida, yangi MKning 216 va 233-moddalarida keltirilgan qoidalarni va ularning mantig‘ini yanada to‘ldiradi. Har yilgi mehnat ta’tillari davomiyligi kalendar kunlari bo‘yicha hisoblagani uchun, bunga dam olish kunlari sifatida shanba-yakshanba kunlari ham, boshqa ishlanmaydigan kunlar ham (bayram kunlaridan tashqari) kiradi.

Bunda ahamiyat bering, ta’til davri ichidagi shanba-yakshanba kunlari ta’tilda bo‘lgan xodim uchun rasman dam olish kuni maqomiga ega emas. Aksincha, bu kunlar ham xodim uchun ta’til kuni maqomiga ega.

MK 221-moddaning 2-qismida ishlanmaydigan bayram kunlari hisobga olinmaydi deyilayotgani uchun, ta’til davriga to‘g‘ri kelib qoladigan bayram kunlariga ta’til puli hisoblanmaydi.

Shunday qilib, xodimga kalendar kunlik mehnat ta’tili berilganda, ta’til pullarini hisoblashda ta’til kunlari ichidagi shanba-yakshanba kunlariga ham ta’til puli to‘lanishi lozim. Bunda agar ta’til kuni bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, bu kun uchun ta’til puli to‘lanmaydi.

© Saydali Muxtoraliyev