Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziriligi tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalariga koʻrsatma xati yuborildi.
Xatda keltirilishicha:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 312-son qarorining 9-bandiga muvofiq, 2025/2026-oʻquv yiliga qadar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar oʻqituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozimligi belgilangan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan yuqoridagi qarorga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida normativ-huquqiy-hujjat loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Jamoatchilik muhokamasi yakunlariga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritilgan. Yuqoridagilarni inobatga olib, ayni vaqtda talab darajasidagi tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til oʻqituvchilari umumiy oʻrta taʼlim maktablarida o‘z mehnat faoliyatini davom ettirishlari mumkin. Ishlab chiqilgan normativ-huquqiy-hujjat loyihasi bo‘yicha belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinganidan so‘ng mazkur masala yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilinadi.
